Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 25.06.2022



01:46:21 (GMT +5), Дш, 27 июн 2022

Adliya vazirligi: zararli va yoqimsiz hidlarni huquqiy tartibga solishni taklif qilmoqda.

Аҳамият беринг

Adliya vazirligi: zararli va yoqimsiz hidlarni huquqiy tartibga solishni taklif qilmoqda.


Qayd etish kerakki, mamlakatimizda atmosfera havosini ifloslanganlik darajasi xalqaro miqyosda ham yuqoriligicha qolmoqda.

Havo sifatini monitoring qilish bilan shugʻullanuvchi “AirVisual” xalqaro tashkiloti xabariga koʻra, Oʻzbekiston 2018-yilda havosi eng koʻp ifloslangan davlatlar reytingida 16-oʻrinni (34.3 µg/m³) egallagan. Keyingi ikki yil davomida bu koʻrsatkich faqat 2 pogʻonaga yaxshilangan (18-oʻrin, 29.9 µg/m³) xolos https://www.iqair.com/world-air-quality-report .

(maʼlumot oʻrnida: reytingning 2018-yilgi hisobotida 73 ta davlatlar qayd etilgan boʻlib, eng ifloslangan havoga ega davlatlar roʻyxatida Bangladesh (1-oʻrin), Pokiston (2-oʻrin) va Hindiston (3-oʻrin) yetakchilik qilib, Avstraliya, Finlyandiya hamda Islandiya davlatlari eng toza havoga ega mamlakatlar deb topilgan. Reyting tuzuvchilarining taʼkidlashicha, har yili havo ifloslanishi tufayli tahminan 7 mln kishi vafot etadi, shuningdek, bu holat jahon iqtisodiyotiga har yili 225 mlrd dollarlik zarar yetkazadi)

Atmosfera havosiga, aholi salomatligiga taʼsir koʻrsatuvchi va dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan muammolardan biri bu – zararli va yoqimsiz hidlardir.

Nima uchun yoqimsiz hidlar bizni “xavotirga solishi” kerak?

Hidlar kimyoviy moddalarning burun boʻshligʻidagi retseptorlarni qoʻzgʻatishi natijasida paydo boʻladigan hislar sifatida talqin qilinadi. Atrof-muhitda seziladigan hidlar konsentratlarning aralashmasidan iborat boʻlib, uchuvchan kimyoviy birikmalardir.

Shu sababli hidlar bizni kayfiyatimizga, ish faoliyatimizga oʻz taʼsirini koʻrsatmasdan qolmaydi. Hidlarning emotsional xususiyati ham insonlarning xatti-harakatlarida namoyon boʻladi. Ularning insonlar kayfiyatiga ijobiy yoki salbiy taʼsir qilishi, albatta, hidlarning yoqimli yoki yoqimsizligiga bogʻliq. Masalan, ertalabdan gulning, atirning iforli hidi insonlarga kun boʻyi yaxshi kayfiyat bagʻishlasa, maishiy chiqindilardan chiqayotgan yoqimsiz hidlar aksincha kayfiyatimizni buzadi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yoqimsiz hidlar koʻz, burun va tomoqni tirnash xususiyatiga ega boʻlib, bosh ogʻrigʻi, koʻngil aynishi, diareya, ovozning xirillashi, tomoq ogʻrigʻi, yoʻtal, koʻkrak qafasidagi siqilish, burun tiqilishi, nafas qisilishi, stress, uyquchanlikni keltirib chiqaradi.

Shuningdek, yoqimsiz hidlar bilan bogʻliq murojaatlar statistikasi yuritilmasada, soʻnggi paytlarda OAVlarda aholi yashash hududlarida sanoat korxonalari tomonidan yoqimsiz hid manbai boʻlgan chiqindilar atrof-muhitga chiqarilayotganligi, bu maishiy turmushda turli noqulayliklarni, va hatto aholi sogʻligʻiga salbiy taʼsirlarni yuzaga keltirayotganligi haqidagi fuqarolarning shikoyatlari koʻpaymoqda.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 2021-yil 1-yanvar holatiga sanoat va qurilish sohasidagi korxona va tashkilotlar soni 124 489 tani (ulardan 83 539 tasi sanoat korxonalari) tashkil etgan. Ularning asosiy faoliyati ishlab chiqarish (qayta ishlash) ekanligini hisobga olsak, yoqimsiz hidlarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan manbalar tomonidan atmosfera havosiga chiqarilayotgan turli xil zararli va oʻtkir hidli chiqindilar hajmi ham shunga koʻra ortadi.

Amaldagi qonunchilik

Mamlakatimizda atmosfera havosi sifati “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinadi. Biroq, ushbu Qonunda atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha umumiy qoidalar belgilangan, yoqimsiz hidlar masalasi nazarda tutilmagan.

Sanitariya qoidalari va normalarida esa atmosfera havosiga zarar yetkazuvchi korxonalar faoliyatiga oid normalar belgilangan. Jumladan, “Aholi yashash joylarida atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha” sanitariya qoidalari va normalarida (SanPiN 0350-17-son) sanoat xavfi, atmosfera havosining zararlanish manbai boʻlgan texnologik jarayonlar asosida faoliyat yurituvchi korxonalar, ularning alohida binolari va inshootlarining atrof-muhitga zararli taʼsirini kamaytirish maqsadida sanitar-himoya zonalari belgilangan.

(maʼlumot oʻrnida: sanitar-himoya zonalarning 5 toifasi: I toifa - 1000 m, II toifa - 500 m, III toifa - 300 m, IV toifa - 100 m, V - 50 m, mavjud boʻlib, bunday zonalar muayayn turdagi korxonalarning shu zona hududida faoliyat yuritishini nazarda tutadi)

Lekin mazkur qoidalarda ham aynan yoqimsiz hidlar va ularni tartibga soluvchi normalar oʻz aksini topmagan.

Shu sababli atrof-muhitni zararlovchi (ifloslantiruvchi) chiqindilar bilan bir qatorda, hid taʼsirining ruxsat etilgan maksimal darajasini huquqiy tartibga solish zaruriyati mavjud.

Xorijiy davlat tajribasi

Xorijiy davlatlarda yoqimsiz hidlarga qarshi huquqiy mexanizmlar yaratilgan. Masalan, Yaponiyada yoqimsiz hidlar bilan bogʻliq munosabatlar 1972-yilda qabul qilingan “Yoqimsiz hidlarni nazorat qilish toʻgʻrisida”gi qonun (“Offensive Odor Control Law”) bilan tartibga solinadi. Fransiyada AFNOR X-43-101, Niderlandiyada NVN 2820 standartlari mavjud. Germaniyada esa “Havo sifatini nazorat qilish boʻyicha texnik yoʻriqnoma” (Technical Instructions on Air Quality Control) amal qiladi. AQSHda yoqimsiz hidlarga qarshi kurash shtatlar qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

Yoqimsiz hidlarlarning atrof-muhitga, insonlar salomatligiga salbiy taʼsiri, shuningdek, aholi va sanoat korxonalari sonining oʻsishi, shaharlarning kengayib borishi mamlakatimizda ham yoqimsiz hidlarga qarshi samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish zaruriyatini keltirib chiqaradi.

Binobarin, bu turdagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish orqali yoqimsiz hidlarlarning atrof-muhitga taʼsiri oldi olinadi, maishiy turmushda hidlar tufayli yuzaga keladigan noqulayliklar bartaraf etiladi. Pirovardida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi uchun zararsiz atmosfera havosiga ega boʻlish huquqlari taʼminlanadi.

Shunga koʻra, tahlil natijalari va bu borada ishlab chiqilgan takliflar ularni amaliyotga tatbiq maqsadida maʼsul idoralarga kiritildi.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi




[1] https://www.iqair.com/world-air-quality-report