Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 25.01.2022



02:08:28 (GMT +5), Чр, 26 янв 2022

Kooperatsiya – jamiyat va biznes taraqqiyoti omili

Kooperatsiya – jamiyat va biznes taraqqiyoti omili


Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan USAIDning O‘zbekistonda huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorlikda 2022-yilning 14-yanvar kuni “Kooperatsiyalarning huquqiy asoslarini mustahkamlash – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish omili sifatida” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Oflayn va onlayn (zoom videokonferensiya tizimi orqali) o‘tkazilgan konferensiyada 100 ga yaqin kishi ishtirok etdi.

Konferensiyada ushbu sohadagi xalqaro va milliy ekspertlar, jumladan, Xalqaro kooperativ alyans va boshqa xalqaro kooperativ tashkilotlardan nufuzli xalqaro ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti, Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa idoralar vakillari, olimlar, amaliyotchi huquqshunoslar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Xususan, xalqaro ekspertlardan Hagen Henry o‘z ma’ruzasida kooperatsiyalarni rivojlantirishning ilg‘or xalqaro tendensiyalari, kooperativ tamoyillarning mohiyati va qonunchilikdagi ahamiyatiga, Santosh Kumar kooperativlar va ularni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarga, Ifigeneia Douvitsa kooperativlarda foyda va zararni qoplashda a’zolarning iqtisodiy ishtiroki va hissasi hamda mazkur sohadagi qonunchilikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tdilar.

Shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi A.Safarova “O‘zbekiston kooperativ qonunchiligi: muammo va yechimlar”, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassisi N.Rasulov “Kooperatsiyalar hududlarning investitsion jozibadorligini oshiruvchi omil sifatida” nomli ma’ruzalari bilan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat sohasi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti xodimi i.f.n., A.Muxtorov “Qishloq xo‘jaligida kooperatsiyalarni rivojlantirish: bugungi holat va istiqboldagi rejalar”, Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi mudiri, y.f.d., professor N.Imomov “Kooperatsiyalarning huquqiy asoslarini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Tadbirning muhokama qismida ishtirokchilar tomonidan samarali kooperativ boshqaruvini joriy etish istiqbollari, kooperativ mulkdan maqsadli foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish mexanizmlariga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, kooperatsiyalarning tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro raqobat muhitini shakllantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, chakana narxlarni pasaytirish va mamlakatning eksport salohiyatini oshirishdagi roli va ahamiyati haqida o‘zaro fikr almashildi.

Tadbir davomida kooperatsiyalarning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni, ularning turli sohalarda istiqbollarini ta’minlash uchun huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, takliflar ishlab chiqildi, shuningdek, mazkur sohada kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi