Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 25.01.2022



02:09:09 (GMT +5), Чр, 26 янв 2022

Adliya vazirligi: Chet el valyutasida qarz berishni notarial tasdiqlash orqali amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi

Аҳамият беринг

Adliya vazirligi: Chet el valyutasida qarz berishni notarial tasdiqlash orqali amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi


Аdliya vazirligi tomonidan “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʼshimcha va oʼzgartishlar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʼyildi. Unda fuqarolar oʼrtasida chet el valyutasida qarz berishni notarial tasdiqlash orqali amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilgan.

Аmaldagi qonunchilikka muvofiq, chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olish boʼyicha shartnoma tuzishga ruxsat etilmagan va bu fuqarolar tomonidan chet el valyutasida qarz oldi-berdisini amalga oshirishga cheklovlarni vujudga keltirayotgan edi.

Biroq amaliyotda fuqarolar tomonidan chet el valyutasida qarz kelishuvlari tuzish holatlari koʼp uchrab, ushbu cheklovlar sababli yozma ravishda qarz shartnomasini tuzishga va keyinchalik nizo kelib chiqqanda oʼz huquqlarini himoya qilishga toʼsqinliklarga olib kelayotgan edi.

Fuqarolar oʼrtasida mazkur masalada vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida, Prezident Farmoni bilan ushbu cheklovlar olib tashlandi hamda jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berildi.

Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda chet el valyutasida qarz berishda fuqarolarning huquqlarining himoya qilish maqsadida Аdliya vazirligi tomonidan Qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihada quyidagilar nazarda tutilgan:

Fuqarolik kodeksiga fuqarolar oʼrtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining oʼn baravaridan ortiq boʼlsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi, qarz summasi chet el valyutasida belgilanganda esa yozma shaklda tuzilishi va notarial tartibda tasdiqlanishi shartligi kabi yangi qoida kiritilmoqda;

“Valyutani tartibga solish toʼgʼrisida”gi Qonunga Oʼzbekiston Respublikasi hududida rezident va norezident boʼlgan jismoniy shaxslar oʼrtasidagi valyuta operatsiyalariga yozma shaklda tuzilgan va notarial tartibda tasdiqlangan qarz shartnomasi orqali qarz berish va qaytarib olishga doir operatsiyalar kiritilmoqda;

“Davlat boji toʼgʼrisida”gi Qonunga qarz shartnomasini notarial tasdiqlanganlik uchun hamda notarius tomonidan qarz shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish boʼyicha ijro varaqasini rasmiylashtirishda davlat boji miqdorini ikki baravarga kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Mazkur Qonun loyihaning qabul qilinishi bilan jismoniy shaxslarning oʼz mulki hisoblangan chet el valyutasidagi pul mablagʼlarini erkin tasarruf etishi, xususan ularning chet el valyutasida qarz berishda huquqlarining himoya qilinishi, shu jumladan nizo kelib chiqqan taqdirda sudda oʼz huquqlari va qonuniy manfaatlarini toʼliq himoya qilinishiga huquqiy asoslar yaratilishi hamda qarz berish va olishda shartnomaviy-huquqiy munosabatlarning rivojlanishiga turtki berishi va bu borada yashirincha kelishuvlar tuzilishining oldi olinishi taʼminlanadi.

Shu bilan birga, notariuslar tomonidan chet el valyutasida qarz shartnomalarini tasdiqlashda fuqarolarga zarur huquqiy yordam va xizmatlar koʼrsatilishiga hamda notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozishda davlat bojining kamaytirilishi natijasida sudlarda ushbu masalalarda nizolar koʼrib chiqilishining kamayishi va ularning ish yuklamasiga ijobiy taʼsir koʼrsatilishiga erishiladi.

Аdliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʼlimi